11.03.2010 / 316 marta o`qilgan
Surxondaryo viloyatida maxsus tashkil etilgan komissiya tomonidan Termiz shahrida o`tkazilgan texnik ko`rikda ishtirok etgan "RAF-2203" rusumli mittiavtobuslardan 53 tasigagina ayrim kichik buzuqliklarni tuzatish sharti bilan vaqtincha yo`lovchi tashish xizmati ko`rsatishi mumkin, degan xulosa berildi.
Mazkur texnik ko`rik ishlab chiqarilgan yili eski bo`lib, ham jismonan, ham ma`nan eskirgan avtotransport vositalarini harakat xavfsizligini ta`minlash maqsadida bosqichma-bosqich yo`lovchi tashish xizmatidan chiqarib yuborish bo`yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar doirasida o`tkazildi. Unda viloyatda ro`yxatdan o`tgan shu rusumdagi 151 ta avtotransport vositasidan 107 tasi qatnashdi.
Ijobiy xulosa olgan 53 ta "RAF-2203" rusumli mittiavtobuslar Shahar hududida avtotransport sohasini boshqarish va yo`lovchilar tashishni tashkil qilish Komissiya qarori bilan Termiz shahridagi 13- va 20-yo`nalishli taksi yo`nalishlariga ushbu yo`nalishlar uchun tender tanlovi o`tkazilgunga qadar vaqtincha joylashtirildi.
Albatta, navbatdagi jiddiy masala yo`nalishlardan chiqarilgan avtotransport vositalarining o`rnini yangi va zamonaviy ulovlar bilan to`ldirish masalasidir. Bu borada esa viloyat hokimligi, O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining Surxondaryo hududiy bo`limi va boshqa mutasaddi idoralar yirik avtotransport korxonalari bilan hamkorlikda Samarqandda ishlab chiqarilgan "Isuzu" avtobuslarini olib kelish hamda avtobus yo`nalishlarini ko`paytirish chora-tadbirlarini ko`rishmoqda.
Shuningdek, yangi ishga tushirilgan va qayta tiklangan avtobus yo`nalishlarida avtotransport xizmati ko`rsatish madaniyatini yaxshilash, avtobuslarning belgilangan har bir bekatda o`z vaqtida to`xtab o`tishini va harakat xavfsizligi talablariga to`la rioya etilishini ta`minlash bo`yicha ham mutasaddi idoralar va tashuvchilarga aniq ko`rsatmalar berilgan.
Xususan, Agentlik hududiy bo`limi boshlig`i A.Aramovning aytishicha, ayni paytda Termiz shahri hududidagi avtotransport vositasida yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi barcha korxonalarning transport vositalarini kunlik texnik ko`rikdan va haydovchilarni kunlik tibbiy ko`rikdan o`tkazish sharoitlari o`rganib chiqilib, bu ishlarni tashkil etishda muammosi bor korxonalarga amaliy yordam berish maqsadida shahar hududidagi yirik avtokorxonalar saroylari va binolaridan foydalanishlari uchun imkoniyat yaratib berilmoqda.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








