31.08.2010 / 383 marta o`qilgan
Toshkent shahri ichidagi yengil taksi xizmatida yo`l haqini plastik kartochkalar yordamida to`lash imkoniyati yaratilgan va terminal o`rnatilgan mashinalar soni ortib bormoqda.
— Ayni paytda shahar ichida yo`lovchilarga yengil taksilarda xizmat ko`rsatuvchi mas'uliyati cheklangan jamiyatlarning yettitasida ter-minallar o`rnatilgan yengil avtomashinalar mavjud, — deydi Toshkent shahar hokimligi yo`lovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti bo`lim boshlig`i Mirjalil Abdullayev. — Jumladan, "Fortuna trans universal" MChJda 5 ta, "Taksi lyuks" MChJda 18 ta, "Sald avto" MChJda 5 ta, "Avto DAF servis" MChJda 4 ta, "LUAL" MChJda 4 ta, "Liron dizayn" MChJda 2 ta va "Infoim servis" MChJda 3 ta avtomobilga terminallar o`rnatilgan. Yaqin orada buraqamlar yanada ortadi.
— Yo`lovchilarga plastik kartochkalarda xizmat ko`rsatayotganimizga hali uncha ko`p bo`lgani yo`q, ammo to`lovning bu shakli ancha qulay ekanligiga amin bo`ldik, — deydi "Fortuna trans universal" MChJ haydovchisi Nikolay Korostichenko. — Bu ishdan yo`lovchilar ham mamnun. Chunki mashinaga terminal o`rnatilgandan beri taksi xizmatidan foydalanayotgan yo`lovchilar soni ham ortdi.
Shuningdek, poytaxtda taksilarning bir xil belgilarga ega bo`lishi, ularda belgilangan tariflar bo`yicha haq olinishi borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu esa Toshkent shahar hokiming 2010 yil 20 maydagi "Toshkent shahri hududida yengil taksilarda tashishni tashkil etish to`g`risida"gi va "Toshkent shahrida yengil taksilar turar joylari to`g`risida"gi Nizomlarni tasdiqlash to`g`risida"gi qarorlari ijrosini ta'minlash borasida joylarda amalda oshirilayotgan keng ko`lamli tadbirlar natijasidir.








