12.08.2010 / 351 marta o`qilgan
Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi tog`li Ajirim qishlog`i fuqarolari yangi ochilgan "Ajirim - Karmana" yo`nalishi bo`yicha ishga kirishgan mittiavtobuslar xizmatidan bahramand bo`la boshladilar.
Mazkur yo`nalishda yo`llar asosan notekis rel`efli past-balanlik joylardan o`tganligi bois, yo`lovchilarga ushbu sharoitga mos ulov, ya`ni mamlakatimizda yaxshi sinovdan o`tgan "Gazel`" rusumli mittiavtobuslar tanlangani ham ma`qul kelmoqda.
Yo`nalishga chiqarilgan mittiavtobuslarni xususiy tadbirkor Mallayev Jahongir o`z mablag`lari hisobidan xarid qilgan bo`lib, amaldagi qonunchilikka ko`ra yo`lovchi tashish xizmati bilan faqat yuridik shaxslargina shug`ullanishi mumkinligini inobatga olgan holda u o`z ulovlarini notarius orqali Navoiy shahridagi "Askomjtrans" mas`uliyati cheklangan jamiyatiga ijaraga berdi. Natijada bu yerda avtotransport vositalarining kunlik texnik va haydovchilarning kunlik tibbiy ko`rikdan o`tishlari uchun ham to`la sharoit yaratildi.
Shuningdek, yaqinda Uchquduq shahri ichida ham yangi yo`nalish ochilib, unda "Uchquduq - Qimiz" MCHJga qarashli "Otayo`l" avtobuslari qatnay boshladi. Natijada joriy yilning o`tgan davrida yangi ishga tushirilgan avtotransport yo`nalishlari soni viloyatda to`rttaga yetdi.
O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati








