TENDER TANLOVIDA ISHTIROK ETISH TARTIBI
Ochiq tenderda belgilangan tartibda O`zbekiston Respublikasi hududida ro`yxatdan o`tkazilgan, soliq organlarida hisobda turadigan, avtomobil transportida tegishli ravishda shahar atrofida, shaharlararo xalqaro yo`lovchilar tashishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo`lgan har qanday yuridik shaxs qatnashishi mumkin. Bunda har bir transport vositasini bittalab ko`rikdan o`tkazish bo`yicha belgilangan namunadagi, Davlat avtomobil nazorati boshqarmasining muhri bilan tasdiqlangan ijobiy dalolatnomaning mavjud bo`lishi qatnashchi uchun majburiy shart hisoblanadi.
Ochiq tenderda qatnashishni xohlovchilar tender hujjatlari paketini olish yuzasidan Komissiyaga yozma buyurtmanoma berishlari kerak. Buyurtmanomalar berish va tender hujjatlarini olish uchun belgilangan muddat tender o`tkaziladigan sanadan 5 kun oldin tugaydi.
Komissiya tashuvlarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo`lgan qatnashchilardan tushgan barcha buyurtmanomalarni istisnosiz qabul qilishga majbur.
Ochiq tenderda qatnashish uchun belgilangan muddatdan kechikib tushgan buyurtmanomalar ko`rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Agar tenderga qo`yilgan yo`nalish yoki yo`nalishlar paketi uchun tenderda ishtirok etishga ariza tushmasa, Komissiya yo`nalishga yoki yo`nalishlar paketiga qo`yilgan asosiy talablarni o`zgartirishi kerak.
Qatnashchi tender hujjatlari bahosini ularni tayyorlashning haqiqiy tannarxi bo`yicha e`lon qilingan summada to`lashi kerak.
Tender bo`yicha takliflarni qabul qilish tender o`tkazilishidan bir kun oldin tugaydi. Tender bo`yicha takliflarni qabul qilishning tugash sanasi va vaqti Komissiya tomonidan o`tkaziladigan tender to`g`risidagi e`londa ko`rsatilgan bo`lishi kerak.
Tender bo`yicha takliflar topshirilgandan keyin qatnashchilar ularga biron-bir tuzatishlar kiritish huquqiga ega emas.
Tender takliflari u taqdim etilgan sanadan boshlab 60 kun ichida yuridik kuchga ega bo`ladi.
Qatnashchilardan tender bo`yicha tushgan takliflarni Komissiya baholaydi.
_____________________________
Yangilangan sana: 25.08.2010 21:19
|